Nagelsmann Noyerning termaga qaytishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Yulian Nagelsmann Manuel Noyerning qaytishi haqida tarqalgan ma'lumotlarga munosabat bildirdi. Turli manbalarning xabariga ko'ra, «Bavariya»ning 40 yoshli darvozaboni milliy jamoaga qaytadi va u bilan birga Jahon chempionatiga yo'l oladi. Bundestim ustozi esa yulduzli faxriy futbolchi borasidagi savolga to'g'ridan-to'g'ri javob berishni istamadi.
— Bu haqda so'rashayotgani meni hayron qoldirmaydi, lekin men avvalo futbolchilarning o'zi bilan shaxsan gaplashib olmoqchiman, hozircha buni amalga oshirganim yo'q, — dedi Nagelsmann Sportstudio nashriga bergan intervyusida.
— Noyer 55 nafar futbolchidan iborat kengaytirilgan tarkib ro'yxatiga kirdimi? — Buni izohlamayman. Men hatto ushbu ro'yxatning o'zini ko'rganim ham yo'q — qaydnomani mening menejerim jo'natgan, — deya kulgancha javob qaytardi mutaxassis.
Eslatib o'tamiz, Manuel Noyer Germaniya terma jamoasidagi faoliyatini 2024 yilda yakunlagan edi.