"MYu" tarixidagi uchinchi natija: Brunu Fernandesh assistlar bo'yicha rekordlarni ko'zlamoqda

"Manchester Yunayted" yarim himoyachisi Brunu Fernandesh bir mavsumda APLda amalga oshirilgan golli uzatmalar soni bo'yicha klub tarixida uchinchi o'ringa ko'tarilib oldi.
Portugaliyalik futbolchi Angliya chempionatining 28-turi doirasida "Kristal Pelas"ga qarshi kechgan o'yinda (2:1) Benyamin Sheshkoga golli pas etkazib berdi.
Hozirda Brunu hisobida APL joriy mavsumining 25 ta o'yinida 13 ta assist mavjud — "MYu"ning biror bir o'yinchisi 2011/12 yilgi mavsumdagi Antonio Valensiyadan beri bunday natijaga erisha olmagan edi. Premer-liganing bitta mavsumida "MYu" tarkibida faqat Nani (2010/11 yilgi mavsumda 17 ta assist) va Devid Bekxem (1999/00 yilgi mavsumda 16 ta uzatma) ko'proq golli pas berishgan.
Brunu APL joriy mavsumining eng yaxshi assistenti bo'lib turibdi. Uning eng yaqin ta'qibchilari — "Manchester Siti" a'zolari Erling Xoland va Rayan Sherki hisobida 7 tadan golli uzatma bor.