«Bavariya» hujumkor yarim himoyachisi Jamol Musiala Germaniya terma jamoasidagi jamoadoshi Florian Virts bilan birga to'p tepishi haqida nimalar o'ylayotganini aytib berdi.

«Flo bilan birga o'ynash juda yoqimli, u ajoyib. Biz birgalikda juda yaxshi harakat qilyapmiz. Xuddi shu gaplarni Xaverts, Sane, Nmecha va Pavlovich haqida ham aytish mumkin. Bizda ajoyib jamoa shakllangan — har kim o'zgacha tarzda kuchli. Shunday bo'lsa-da, aynan Virts haqida gapiradigan bo'lsak, biz bir-birimizni a'lo darajada to'ldiramiz, raqiblarni doimiy bosim ostida ushlab turamiz. Bunday erkinlik bilan to'p surish — ulkan zavq bag'ishlaydi», — deya Musialaning so'zlarini «Sport Bild» nashri keltiradi.

25 iyun kuni Germaniya terma jamoasi JCh-2026 guruh bosqichining so'nggi turi bahsida Ekvador bilan uchrashadi.

Manba: Stadion.uz