Murodjon Ahmadaliev sobiq jahon chempioniga qarshi jang qilishi mumkin

O'zbekistonlik professional bokschi Murodjon Ahmadalievning navbatdagi raqibi yarim engil vazn toifasida WBA yo'nalishining sobiq chempioni, buyuk britaniyalik Nik Boll bo'lishi mumkin.
Manbaga ko'ra, ayni paytda tomonlar o'rtasida mazkur jang yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda. Matchroom Boxing promouterlik kompaniyasi rahbari Eddi Hirn ham bu borada dastlabki muloqotlar boshlanganini tasdiqlagan.
Hozircha ushbu to'qnashuv rasman tasdiqlanmagan. Shu sababli jangning qachon va qaerda o'tkazilishi hamda boshqa tafsilotlari ochiqlanmagan.
Ma'lumot o'rnida, ikkinchi eng engil vazn toifasida sobiq jahon chempioni hisoblangan Murodjon Ahmadaliev professional faoliyati davomida 15 ta g'alaba va 2 ta mag'lubiyat qayd etgan. 29 yoshli Nik Boll hisobida esa 23 ta g'alaba, bittadan mag'lubiyat va durang bor. U o'zining so'nggi jangida Brendon Figeroaga imkoniyatni boy berib, WBA kamaridan ayrilgan edi.
Eslatib o'tamiz, Murodjon Ahmadaliev so'nggi bor Toshkentdagi “Humo Arena” majmuasida ringga ko'tarilgan edi. Ahmadaliev O'zbekiston professional boks federatsiyasi hamda Lift Promotion kompaniyasi hamkorligida o'tkazilgan boks oqshomida venesuelalik Egli Moskedani 4-raundda texnik nokautga uchratib, muddatidan avval g'alaba qozongan.