Toshkent shahridagi “Humo Arena” majmuasida boks bo'yicha Olimpiya o'yinlari chempionlari va qator taniqli bokschilar ishtirokida yirik professional boks oqshomi bo'lib o'tmoqda. WBC Eurasia, O'zbekiston professional boks federatsiyasi hamda “Lift Promotion” promouterlik kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu musobaqa dasturidan o'rin olgan janglar nafaqat reyting ochkolari, balki bir nechta vazn toifalarida WBC Eurasia chempionlik kamarlari uchun ham kechdi.

Halokov — Kumar

Turnir doirasida Olimpiada chempioni Abdumalik Halokov hindistonlik Vishal Kumarga qarshi ringga ko'tarildi. 6 raundga mo'ljallangan ushbu jang muddatidan oldin yakunlandi. Halokov o'zining kuchli zarbalari evaziga raqibini ikkinchi raunddayoq texnik nokaut bilan taslim etdi. Shu tariqa, u professional ringdagi uchinchi jangida uchinchi g'alabasini qo'lga kiritdi.

Mullajonov — Garsiya
Musobaqaning yana bir markaziy jangi havaskor boksda Olimpiya o'yinlari g'olibi Lazizbek Mullajonov hamda venesuelalik Luis Xose Marin Garsiya o'rtasida kechdi. Og'ir vazn toifasidagi WBC Eurasia kamari uchun o'tkazilgan bellashuv uchinchi raundda to'xtatildi. Venesuelalik bokschining qoidabuzarliklari va hakam tomonidan berilgan ogohlantirishlari ko'payib ketgani sababli referi jangni yakunlashga majbur bo'ldi. Natijada Lazizbek Mullajonov muddatidan avval g'olib deb topilib, chempionlik kamarini qo'lga kiritdi.

Ismoilov — Shoti
O'zbekistonlik 24 yoshli bokschi Nurislom Ismoilov tanzaniyalik sportchi Lupakiso Shotiga qarshi ringga chiqdi. Super o'rta vazn toifasidagi WBC Eurasia kamari uchun kechgan 10 raundlik bahsning so'nggi, o'ninchi raundida Ismoilov ustunlikka erishib, raqibini texnik nokautga uchratdi. Bu Ismoilovning professional boksda o'tkazgan 9-jangidagi to'qqizinchi g'alabasi bo'ldi. 26 yoshli Shoti esa faoliyatidagi 11-jangida ikkinchi marta mag'lubiyatga uchradi. Shu tariqa, Nurislom Ismoilov o'zining hisobidagi WBC CISBB kamariga qo'shimcha ravishda WBC Eurasia unvoniga ham ega chiqdi.

Abdullaev — Akon
Musobaqa doirasida o'zbekistonlik bokschi Shohjahon Abdullaev Gana vakili Stefan Akonga qarshi ringga ko'tarildi. 6 raundga mo'ljallangan bahsda Abdullaev raqibini to'rtinchi raundda nokautga uchratishga muvaffaq bo'ldi. Bu 23 yoshli sportchining professional boksdagi ettinchi jangida qo'lga kiritgan ettinchi g'alabasi hisoblanadi.

Ahmadaliev — Moskeda

Kechaning markaziy jangida ikkinchi eng engil vazn toifasida sobiq jahon chempioni Murodjon Ahmadaliev o'zining navbatdagi g'alabasini tantana qildi. Ushbu bahsda o'zbekistonlik bokschiga Venesuela vakili Egli Moskeda raqiblik qildi.

Yarim engil vazn toifasida o'tgan va 10 raund etib belgilangan bellashuv uzoq davom etmadi. Ahmadaliev dastlabki daqiqalardanoq tashabbusni o'z qo'liga oldi va 4-raundga kelib raqibini texnik nokaut evaziga muddatidan avval mag'lubiyatga uchratdi. Ushbu muvaffaqiyatdan so'ng, Murodjon Ahmadalievning professional ringdagi ko'rsatkichi 15 ta g'alaba va 2 ta mag'lubiyatga etdi.

Manba: daryo.uz