Muhammad Saloh va Arne Slot o'rtasidagi suhbat natijasi ma'lum bo'ldi

"Liverpul" hujumchisi Muhammad Saloh Angliya Premer-ligasining 16-turidan o'rin olgan "Brayton"ga qarshi o'yin qaydnomasiga kiritildi, deya xabar bermoqda Sky Sports.
Bu qaror futbolchi va bosh murabbiy Arne Slot o'rtasida bugun, 12 dekabr kuni bo'lib o'tgan suhbatdan so'ng qabul qilindi.
Hujumchi "Liverpul"ning so'nggi 4 o'yinida asosiy tarkibda maydonga tushmagan va o'tgan dam olish kunlari "Lids"ga qarshi o'yinda zaxirada qolib ketganidan so'ng, Saloh klub va murabbiyni tanqid qilib, o'yin vaqti asossiz ravishda qisqartirilganidan shikoyat qildi. Natijada, hujumchi Chempionlar Ligasi umumiy bosqich 6-turidan o'rin olgan Milanning "Inter" (1:0) klubiga qarshi o'yin qaydnomasidan chetlatildi.