Moyze Kinning uyiga o'g'ri tushdi

«Fiorentina» va Italiya terma jamoasi hujumchisi Moyze Kinning Florentsiyadagi uyi tunab ketildi. Noma'lum shaxslar Kampo-de-Marte tumanida joylashgan xonadonga binoning orqa tomonidan kirib, soatlar va zargarlik buyumlarini o'g'irlashgan, deb xabar bermoqda Corriere dello Sport.
Dastlabki zarar miqdori 300 ming evroga baholanmoqda. Qayd etilishicha, jinoyatchilar professional tarzda harakat qilishgan va qimmatbaho buyumlar qaerda turganini oldindan bilishgan. Voqea joyiga karabinerlarning ilmiy surishtiruv bo'limi mutaxassislari etib kelgan. Ular xonadonni ko'zdan kechirib, kuzatuv kameralaridagi yozuvlarni olishgan. Tergov voqeani oldindan rejalashtirilgan o'g'rilik sifatida ko'rib chiqmoqda.
Jinoyat sodir etilgan vaqtda Kin Italiyadan tashqarida bo'lgan. U qaytib kelganidan so'ng, o'g'irlangan buyumlarning aniq ro'yxatini tuzish va zararni yakuniy baholash uchun politsiyaga chaqiriladi. Avvalroq xuddi shu binoda «Fiorentina»ning sobiq himoyachisi Nikola Milenkovich yashagan.