Mourinoni haydagan klub Zidan bilan muzokaralar boshladi

Madridning "Real" klubi sobiq ustozi Zinedin Zidan Turkiya Superligasida ish boshlashi mumkin. Bu haqda Sabah nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko'ra, frantsiyalik mutaxassisga Istanbulning "Fenerbaxche" klubi qiziqish bildirmoqda. Klub rahbariyati "Zizu" bilan muzokaralar jarayoniga kirishdi.
Eslatib o'tamiz, avgust oyi oxirida Istanbul grandi boshqaruvidan portugaliyalik Joze Mourino iste'foga chiqarilgan edi. "Special One" UEFA Chempionlar Ligasi saralashida muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan so'ng ishdan bo'shatildi.
Zidan "Real"ni Ispaniya La Ligasi chempioniga aylantirdi va jamoa bilan uch marta Chempionlar Ligasini qo'lga kiritdi.