Turkiyaning “Fenerbahche” klubi sobiq bosh murabbiyi Joze Mourino Turkiya futbol federatsiyasi tomonidan o'ziga nisbatan qo'llangan intizomiy jazolar yuzasidan Evropa inson huquqlari sudiga murojaat qildi. Bu haqda Turkiye Today nashri xabar berdi.

Manbaga ko'ra, ish 2024 yil noyabr oyida “Fenerbahche” va “Trabzonspor” o'rtasidagi uchrashuvdan keyin Mourinoning hakamlik haqidagi tanqidiy bayonotlari sabab qo'llangan sanktsiyalar bilan bog'liq. O'shanda portugaliyalik mutaxassisga jamoa kiyinish xonasiga kirish vaqtincha taqiqlangan va unga yuz minglab turk lirasi miqdorida jarimalar solingan edi.

63 yoshli Mourino 2024 yil iyunidan 2025 yil avgustigacha “Fenerbahche”ni boshqardi. Uning qo'l ostida jamoa 62 ta o'yin o'tkazib, 37 ta g'alaba qayd etdi, 11 marta mag'lub bo'ldi va 14 uchrashuvda durang o'ynadi.

2025 yil sentyabridan buyon Mourino Portugaliyaning “Benfika” klubini boshqarib kelmoqda. Avvalroq uning Ispaniyaning “Real Madrid” klubiga bosh murabbiy etib tayinlanishi haqida xabarlar tarqalgan edi.

Manba: daryo.uz