Mourino «Real» uchun yangi futbolchi tanladi

Madridning «Real» klubi yangi bosh murabbiyi Joze Mourino «Sporting»ning tayanch yarim himoyachisi Morten Yulmann bilan shartnoma imzolamoqchi. Bu haqda Defensacentral nashri xabar bermoqda.
Manbaning ma'lum qilishicha, «Vest Xem» yarim himoyachisi Mateush Fernandesh transferining amalga oshish ehtimoli pasayganidan so'ng, Mourino Portugaliya chempionati orqali o'ziga juda yaxshi tanish bo'lgan Yulmann xaridiga e'tibor qaratgan.
26 yoshli daniyalik futbolchining «Sporting» bilan shartnomasida 88 million evro miqdorida tovon puli to'lab sotib olish bandi mavjudligi ta'kidlanmoqda. Biroq xavbekka Madridning «Atletiko» klubi ham jiddiy qiziqish bildirmoqda va ular lissabonliklarga allaqachon 40 million evrolik taklif yuborishgan.
2025/26 yilgi mavsumda Yulmann barcha musobaqalarni inobatga olgan holda 45 ta uchrashuvda maydonga tushib, uchta gol urdi va oltita golli uzatma muallifiga aylandi.