Mourino «Real»ning 3 yulduzi bilan bog'landi

Portugaliyalik mashhur murabbiy Joze Mourino shu yozda Madridning «Real» klubi boshqaruviga qaytishi kutilmoqda. The Touchline nashri jurnalist Migel Serranoga tayanib xabar berishicha, «The Special One» allaqachon Madrid klubining uch nafar asosiy futbolchisi bilan muloqot o'tkazgan.
Manbaga ko'ra, Mourino darvozabon Tibo Kurtua hamda hujumchilar Kilian Mbappe va Vinisius Junior bilan suhbatlashgan. Bu qadam portugaliyalik murabbiyning Madridga qaytishga jiddiy tayyorgarlik ko'rayotganidan dalolat beradi.
Hozirda Joze Mourino Lissabonning «Benfika» klubini boshqarmoqda. Uning jamoasi 16 may, shanba kuni «Eshtoril»ga qarshi mavsumdagi so'nggi o'yinini o'tkazadi. «Burgutlar» ayni damda Portugaliya chempionati turnir jadvalida uchinchi o'rinni egallab turibdi.
Eslatib o'tamiz, Joze Mourino 2010–2013 yillar davomida ham «Real»ni boshqargan va 2012 yilda jamoa bilan Ispaniya chempionligini qo'lga kiritgan edi.