Portugaliyalik mutaxassis Joze Mourino, agar Madridning «Real» klubi bosh murabbiyligiga tayinlansa, o'z yonida kimni yordamchi sifatida ko'rishni xohlayotgani haqida bosh qotirmoqda. Bu haqda Ok Diario nashri xabar bermoqda.

Avvalroq yozilganidek, birinchi raqamli nomzod sifatida «qaymoqranglilar» tarkibida hujumchi o'laroq ko'plab sovrinlarni qo'lga kiritgan Raul Gonsales Blanko ko'rilmoqda. Biroq uning klub rahbariyati bilan munosabatlari murakkab ekani fonida jamoaga qaytishi amrimahol bo'lib turibdi.

Muqobil nomzodlar sifatida Toni Kroos va Diego Lopes ism-shariflari tilga olinmoqda. Ular ham o'z vaqtida «Real» sharafini himoya qilishgan. Ta'kidlab o'tish joizki, Toni Kroosning «Real» tizimida ish boshlashi haqidagi gap-so'zlar Mourinoning kelishi haqidagi mish-mishlar paydo bo'lishidan oldin ham mavjud edi.