Madridning "Real" klubi yaqin tarixdagi eng keng ko'lamli tarkib tozalashini amalga oshirishga tayyorgarlik ko'rmoqda. Ayni paytda Lissabonning "Benfika" klubini boshqarayotgan Joze Mourino "qirollik klubi" boshqaruviga qaytishga yaqin turibdi. Bu haqda Ispaniyaning nufuzli Marca nashri xabar bermoqda.

Manbaning ta'kidlashicha, portugaliyalik mutaxassis jamoani o'z taktik kontseptsiyasiga moslashtirish maqsadida 10 nafargacha futbolchini sotib yuborishga tayyor. Yangi loyihada futbolchilarning obro'si yoki o'tmishdagi yutuqlari emas, balki intizom va psixologik barqarorlik asosiy mezon etib belgilanadi.

Vinisius ham daxlsiz emas

Xabarda aytilishicha, Mourinoning qaytishi ortidan hech bir yulduzning jamoadagi o'rni kafolatlanmaydi. Hatto klub etakchisi Vinisius Junior ham transferga qo'yilishi mumkin.

Ayni paytda madridliklar safida kelajagi so'roq ostida turgan futbolchilar ro'yxati shakllangan:

  • Vinisius Junior

  • Eduardo Kamavinga

  • Ferlan Mendi

  • Andrey Lunin

  • Daniel Sebalos

  • Gonsalo Garsiya

Shuningdek, Joze Mourino yarimhimoyachilar Federiko Valverde va Orelen Tchuamenining ham jamoadagi kelajagi bo'yicha yakuniy qaror qabul qilishi kutilmoqda.

Insayderlarning fikricha, bu qadamlar Mourinoning himoyadagi qat'iy intizom va taktik jihatdan ishonchli futbolchilarga ustunlik berishi bilan bog'liq. Agar ushbu tayinlov amalga oshsa, "Real Madrid" butunlay boshqacha qiyofadagi, yanada tartibli jamoaga aylanadi.