Mourino “Real”da qaysi pozitsiyalarni kuchaytirmoqchi ekanligi ma'lum bo'ldi — AS

Madridning “Real” klubi bosh murabbiyligiga asosiy nomzodlardan biri bo'lib turgan Joze Mourino “qaymoqranglilar” rahbariyatiga jamoani kuchaytirish bo'yicha maxsus hisobot taqdim etdi. Bu haqda AS nashriga tayanib Championat xabar berdi.
Manbaga ko'ra, portugaliyalik mutaxassis tayyorlagan rejaning asosiy qismi bir nechta muhim pozitsiyalarga yangi o'yinchilarni xarid qilishga qaratilgan. Mourino dastlabki bosqichda bir yoki ikkita markaziy hamda o'ng qanot himoyachisini olib kelishni, keyinroq esa mudofaaning chap qanotini ham yangi futbolchi bilan kuchaytirishni maqsad qilgan. Bundan tashqari, murabbiy maydon markazida Orelen Tchuameniga raqobat tug'dira oladigan tayanch yarim himoyachisi hamda hujumlarni tashkil etish uchun kreativ pleymeyker jalb qilishni o'ta muhim deb hisoblamoqda. Shunga qaramay, mutaxassis o'z hisobotida “Real” safida aynan qaysi futbolchilarni ko'rishni istayotgani borasida hozircha aniq ismlarni tilga olmagan.
Eslatib o'tamiz, Joze Mourino 2010 yilning iyulidan 2013 yilning iyuniga qadar ham “Real” bosh murabbiyi sifatida faoliyat olib borgan. Portugaliyalik mutaxassis “qirollik klubi”ni tark etganidan keyin “Chelsi”, “Manchester Yunayted”, “Tottenhem”, “Roma”, “Fenerbahche” va “Benfika” kabi jamoalarni boshqardi.