Portugaliyalik mutaxassis Joze Mourino katta ehtimol bilan Madridning “Real” klubi bosh murabbiyiga aylanishi mumkin. Jurnalist Andres Martinesning xabar berishicha, Mourino jamoaga kelgan taqdirda Kilian Mbappe bilan ishlash bo'yicha maxsus tizimni allaqachon ishlab chiqqan.

Mourinoning rejasiga ko'ra, frantsiyalik hujumchi muhim uchrashuvlarda ko'proq gol urishi, ahamiyati pastroq o'yinlarda esa to'psiz ishlashga ko'proq e'tibor qaratishi (va kamroq gol urishi) ko'zda tutilgan. Bu strategiya Mbappening jismoniy kuchini tejash va hal qiluvchi bahslarda uning samaradorligini maksimal darajaga ko'tarishga xizmat qiladi.

Eslatib o'tamiz, avvalroq Mourinoning agenti Jorje Mendesh “Real” bilan muzokara boshlagani haqida xabarlar tarqalgan edi. Unga ko'ra, Mourino “qirollik klubi”ga qaytishga tayyor.

Ma'lumot uchun, Kilian Mbappe 2024-yilda “PSJ”dan erkin agent sifatida kelib qo'shilgan. Uning “qirollik klubi” bilan shartnomasi 2029-yilning 30 iyuniga qadar amal qiladi. Hujumchi joriy mavsum barcha turnirlar doirasida 41 ta uchrashuvda maydonga tushib, o'z hisobiga 41 ta gol va 6 ta golli uzatma amalga oshirgan.

Manba: daryo.uz