MOQ rahbariyati velosport bo'yicha terma jamoa rejalari bilan tanishdi

Bugun O'zbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisining birinchi o'rinbosari Kozim O'rinboyxo'jaev hamda shosse dasturida O'zbekiston terma jamoasi murabbiyi Vladimir Starchik (Ukraina) MOQda mehmon bo'lishdi.
Ular Qo'mita rahbariyatiga terma jamoaning Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o'yinlariga olib borayotgan tayyorgarligi xususida ma'lumot berishdi.
Mas'ullar suhbatda terma jamoa oldiga katta maqsadlar qo'yilgani, barcha yo'nalishlarda asosiy kontingent saralab olingani, sportchilarning yil davomida ishtirok etishi ko'zda tutilgan xalqaro musobaqalar haqida batafsil to'xtalib o'tishdi.
Qo'mita rasmiylari federatsiya tomonidan bildirilgan tashabbuslarni qo'llab-quvvatlab, uni yanada boyitish, xususan, selektsiya yo'nalishlariga ham ahamiyat berish lozimligini ta'kidlashdi. O'z navbatida, Sport vazirligi va MOQ federatsiyalarga har tomonlama ko'mak berishi qo'shimcha qilindi.