Mixail Mudrik uchun eng og'ir jazo tayinlandi

Mixail Mudrikning doping ishi bo'yicha qanday jazo tayinlangani ma'lum bo'ldi. «Chelsi» va Ukraina terma jamoasi vingeri 2024 yilning noyabr oyidan buyon topshirgan doping-testi ijobiy natija bergani sababli maydonga tushmayotgan edi.
Jurnalist Ben Jeykobsning xabar berishicha, Angliya Futbol assotsiatsiyasi (FA) futbolchini 4 yilga futboldan chetlashtirdi — bu mumkin bo'lgan eng yuqori jazo muddati hisoblanadi. Mudrikning vakillari ushbu qaror ustidan Lozannadagi Sport arbitraj sudiga (CAS) apellyatsiya berdi.
CAS futbolchi tomonidan murojaat bo'lganini va uning diskvalifikatsiya muddati haqidagi ma'lumotni tasdiqladi. Eslatib o'tamiz, futbolchining qonida taqiqlangan meldoniy moddasi topilgan edi.