Milliy jamoaga chaqirilganidan so'ng Braziliyada besh chaqaloqqa Neymar ismi berildi

Braziliya milliy terma jamoasining Jahon chempionati uchun tarkibi e'lon qilinganidan so'ng, mamlakatda besh nafar chaqaloqqa Neymar ismi berildi. Bu haqda San-Paulu shtati Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish reestri assotsiatsiyasi ma'lumotlariga tayanib, Globo nashri xabar bergan.
Tarkib 18 may kuni e'lon qilingan edi. Tashkilot ma'lumotlariga ko'ra, bu ism Simoneziya (Minas-Jerais shtati), Kuritiba (Parana shtati), Rio-de-Janeyro, Praya-Grandi (San-Paulu shtati) va Sentenariu (Tokantins shtati) kabi hududlarda tug'ilgan chaqaloqlarga berilgan.
Yil boshidan beri Braziliyada umumiy hisobda 25 nafar chaqaloq Neymar ismi bilan ro'yxatga olingan. E'tiborli jihati shundaki, Jahon chempionatlari o'tkaziladigan yillarda futbolchi sharafiga qo'yiladigan ismlar soni asta-sekin kamayib borayotgani kuzatilmoqda:
2010-yilda — 186 nafar chaqaloq;
2014-yilda — 157 nafar;
2018-yilda — 67 nafar;
2022-yilda — 40 nafar.
Eslatib o'tamiz, hozirda 34 yoshda bo'lgan Neymar katta futboldagi debyutini 2009-yili “Santos” tarkibida o'tkazgan.
25 iyun kuni Braziliya terma jamoasi Jahon chempionatida Shotlandiyani 3:0 hisobida mag'lub etdi. Jarohatidan to'liq forig' bo'lgan Neymar 76-daqiqada zaxiradan maydonga tushib, ushbu turnirdagi ilk o'yinini o'tkazdi. Braziliya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to'purar (79 ta gol) milliy jamoa libosida naq 981 kundan so'ng ilk bor yashil maydonga ko'rinish berdi. Uchrashuv yakunlangach, hissiyotlarga berilgan futbolchi o'z ko'z yoshlarini tiyib tura olmadi.
Ma'lumot uchun, Braziliya terma jamoasi 7 ochko to'plagan holda C guruhida peshqadamga aylandi va mundialning pley-off bosqichiga yo'llanma oldi. 1/16 finalda braziliyaliklar Yaponiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar