Italiyaning «Milan» klubi 27 yoshli vinger Kristian Pulishich bilan mehnat shartnomasini uzaytirmoqchi. Bu haqda insayder Nikolo Skira xabar bermoqda.

Manbaning ma'lumotlariga ko'ra, hozirda Pulishich yiliga 4,5 million evro maosh olmoqda va maoshining 7-8 milliongacha oshirilishini talab qilyapti. Agar tomonlar kelishib olishsa, amerikalik futbolchining yangi shartnomasi 2031 yilgacha amal qiladi.

Shu bilan birga, bundan oldin Pulishich MLS klubidan serdaromad taklif olgani xabar qilingan. «Nyu-York Siti» futbolchiga mavsum uchun taxminan o'n million evro to'lashga tayyor.

O'tgan mavsumda Pulishich barcha turnirlarni hisobga olgan holda 34 ta o'yinda maydonga tushib, o'nta gol urdi va sheriklariga to'rtta golli uzatma etkazib berdi.

O'yinchining «Milan» bilan amaldagi shartnomasi keyingi yozgacha mo'ljallangan.

Manba: Stadion.uz