«Milan» Leauni sotishga tayyor: «Rossonerilar» portugaliyalik yulduzga narx belgiladi

«Milan» hujumchisi Rafael Leau kelayotgan yozda sotib yuborilishi mumkin. Portugaliyalik futbolchining tez orada jamoani tark etishi tobora haqiqatga yaqin stsenariy bo'lib ko'rinmoqda: jurnalist Nikolo Skiraning ma'lumotlariga ko'ra, agar «rossonerilar»ga o'yinchi uchun 50 mln evro taklif qilinsa, ular Leau bilan xayrlashishga tayyor. Hujumchiga bo'lgan qiziqish muntazam ravishda Evropaning turli grand klublari bilan bog'lansa-da, hozircha aniq variantlar mavjud emas.
Rafael Leauning «Milan» bilan shartnomasi 2028 yilgacha mo'ljallangan. Tomonlar kelishuvni uzaytirish borasida muzokaralar olib borishdi, biroq bir to'xtamga kela olishmadi. Transfermarkt portali 26 yoshli futbolchining qiymatini 65 mln evroga baholamoqda. Joriy mavsumda Leau Massimiliano Allegri jamoasi safida 30 ta o'yinda ishtirok etib, 10 ta gol va 3 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.