«Milan» jamoasi himoyachisi Straxinya Pavlovich faoliyatini Angliya Premer-ligasida davom ettirishi mumkin. La Gazzetta dello Sport nashrining xabar berishicha, serbiyalik futbolchiga «Manchester Yunayted» va «Kristal Pelas» klublari qiziqish bildirmoqda.

«Rossonerilar» o'z futbolchisini 40 million evro evaziga sotishga tayyor. Biroq, agar Milan klubi mavsum yakuniga ko'ra Chempionlar ligasi yo'llanmasini qo'lga kirita olmasa, transfer borasidagi vaziyat o'zgarishi mumkinligi aytilmoqda.

Ma'lumot uchun, Straxinya Pavlovich 2024 yilda «RB Zaltsburg»dan 18 million evro evaziga Italiya klubiga o'tgan edi. Uning «Milan» bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilning yoziga qadar mo'ljallangan.

Joriy mavsumda 24 yoshli himoyachi barcha musobaqalarda 35 ta o'yinda maydonga tushib, 4 ta gol va bitta golli uzatmaga mualliflik qildi. Transfermarkt portali futbolchining ayni damdagi bozor qiymatini 35 million evroga baholamoqda.