«Milan» EChL yarim finalchilarini nishonga oldi

«Bavariya» yarim himoyachisi Leon Goretska va Madridning «Atletiko» klubi hujumchisi Aleksandr Syorlot faoliyatini «Milan»da davom ettirishi mumkin. Har ikki futbolchi yozgi transfer oynasida «rossonerilar»ning asosiy maqsadlari qatoriga kiritilgan.
La Gazzetta dello Sport nashrining xabariga ko'ra, A Seriya grandi allaqachon 31 yoshli nemis va 30 yoshli norvegiyalik futbolchilarni qo'lga kiritish ustida ishlamoqda. Leon Goretska erkin agent sifatida jamoaga kelib qo'shilishi mumkin — «Bavariya» uning yakunlanayotgan shartnomasini uzaytirmoqchi emas. Aleksandr Syorlotning «matraschilar» bilan kelishuvi esa 2028 yilgacha mo'ljallangan, uning Transfermarkt portalidagi narxi 20 million evroni tashkil etadi.
Eslatib o'tamiz, «Bavariya» va «Atletiko» Chempionlar ligasining yarim finaliga qadar etib borishgan va u erda mos ravishda «PSJ» hamda «Arsenal»ga qarshi bahs olib borishadi.
