«Milan» 40 yoshli Modrichning kelajagi borasida o'z pozitsiyasini ma'lum qildi

«Milan» sport direktori Igli Tare Luka Modrichning jamoadagi kelajagi bo'yicha klubning rejalarini ochiqladi.
40 yoshli futbolchining amaldagi shartnomasi shu yozda o'z nihoyasiga etadi. Biroq «rossonerilar» u bilan kelishuvni yana bir mavsumga uzaytirishdan umidvor. Modrichning yoshi klub rahbariyatini aslo tashvishga solmayapti.
«Biz Luka Modrich yangi shartnomaga imzo chekishiga va yana bir mavsum davomida biz bilan qolishiga ishonamiz», — deya Tarening so'zlaridan iqtibos keltirmoqda DAZN.
Eslatib o'tamiz, Modrich «Real»ni tark etganidan so'ng «Milan» safiga kelib qo'shilgan edi. Joriy mavsumda uning hisobida 36 ta o'yin, 2 ta gol va 3 ta golli uzatma mavjud.