Messi «Inter Mayami» kiyinish xonasida jamoadoshlari bilan jiddiy gaplashib oldi

«Inter Mayami» himoyachisi Yen Frey MLS chempionati doirasida «Orlando Siti»ga qarshi kechgan bahsdagi mag'lubiyatdan so'ng, jamoa hujumchisi Lionel Messining futbolchilarga yo'llagan murojaati haqida so'zlab berdi. Messi jamoasi uchrashuv davomida 3:0 hisobida oldinda borayotgan edi, biroq yakunda 3:4 hisobida imkoniyatni boy berdi. Leo uchrashuvdagi gollardan biriga mualliflik qildi.
«Sardorimiz kiyinish xonasida nutq so'zladi va ochig'ini aytganda, bizga ko'p narsalarni tushuntirdi. U keyingi o'yin oldidan bizni ruhlantirdi va bunday natija qabul qilib bo'lmas ekanini aytdi. Barchamiz uning fikriga qo'shildik — bu haqiqatan ham qabul qilib bo'lmas holat va bunday voqea boshqa takrorlanmasligi aniq», — dedi Frey.
«Inter Mayami» 11 o'yindan so'ng 19 ochko jamg'argan. Lionel Messi jamoasi Sharqiy konferentsiyada uchinchi o'rinni egallab turibdi.