Merson: «Hech qaysi klub Entso Fernandes uchun 100 million funt to'lamaydi»

«Arsenal» klubi sobiq futbolchisi va ekspert Pol Merson «Chelsi» yarim himoyachisi Entso Fernandesning jamoadagi kelajagi haqida gapirdi. Mersonning fikricha, argentinalik futbolchining transfer qiymati uning boshqa klubga o'tishini deyarli imkonsiz qilib qo'yadi.
«Men Entso Fernandesning «Chelsi»ni tark etishiga ishonmayman. U qaerga ham borardi? Hech kim u uchun 100 million funt sterling to'lamaydi. «Chelsi» esa o'z navbatida bu transferdan zarar ko'rishga rozi bo'lmaydi», — dedi Merson Sky Sports telekanaliga bergan intervyusida.
Eslatib o'tamiz, Entso Fernandes 2023 yilda «Benfika»dan 121 million evro evaziga sotib olingan edi. Joriy mavsumda 25 yoshli yarim himoyachi londonliklar safida barcha turnirlarda 47 ta o'yinda maydonga tushib, 12 ta gol va 6 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Uning «ko'klar» bilan shartnomasi 2032 yilgacha imzolangan.