“Menga yoqdi. Hakamlarga e'tiroz bildirishda davom etaman” — Gvardiola

“Manchester Siti” bosh murabbiyi Pep Gvardiola “Vest Hem”ga qarshi kechgan va 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlangan uchrashuvdan so'ng o'yinni tribunadan kuzatish haqidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
Mutaxassisning aytishicha, tribunadan turib o'yinni tomosha qilish unga qiyinchilik tug'dirmagan. Aksincha, u bunday vaziyatni o'ziga xos va qulay tajriba deb baholagan.
Gvardiola hazil tariqasida kelajakda yana tribunaga tushish uchun hakamlardan ko'proq shikoyat qilishi mumkinligini ham ta'kidladi.
“U erda o'tirish menga yoqdi. Balki yana tribunadan o'yinni ko'rish uchun hakamlarga ko'proq e'tiroz bildirarman. Shunda ko'proq sariq kartochka olib, yana u erdan o'yinni tomosha qilaman. Keyingi safar uchta o'yinga diskvalifikatsiya bo'lishim mumkin, shuning uchun yana urinib ko'raman”, dedi Gvardiola.
Murabbiy tribunada o'yinni kuzatish jarayonida yordamchi murabbiy Pep Liynders bilan fikr almashib turganini ham aytdi. Uning ta'kidlashicha, yuqoridan turib o'yinni ko'rish ayrim vaziyatlarda taktik o'zgarishlar va ijodkor futbolchilarni maydonga tushirish imkoniyatlarini aniqroq baholashga yordam beradi.
Ma'lumot uchun, Gvardiola Angliya ichki musobaqalarida sariq kartochkalar soni me'yoridan oshgani sababli ikki o'yinga diskvalifikatsiya qilingan. “Vest Hem”ga qarshi bahs ushbu diskvalifikatsiya doirasida u o'tkazib yuborgan ilk o'yin bo'ldi. Uning diskvalifikatsiyasi “Arsenal”ga qarshi kechadigan Angliya Liga Kubogi finaliga ta'sir qilmaydi.