«Real» hujumchisi Kilian Mbappe «Jirona» himoyachisi Vitor Reys bilan to'qnashuvdan so'ng yuzida qolgan jarohat suratini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirdi.

Epizod «Real» — «Jirona» (1:1) uchrashuvining 88-daqiqasida sodir bo'lgan edi. Kilian kataloniyaliklar himoyachisi bilan to'qnashib, maydonga yiqilgan. Oyoqlardagi kontaktdan tashqari, Reys tirsagi bilan «Real» forvardining yuziga zarba bergan.

O'sha vaziyatda bosh hakam Xaver Alberola Roxas fol qayd etmagan edi. Translyatsiya vaqtida Mbappening yuzidagi qon ko'rsatilmagan, La Liga buni aniq rakurs bo'lmaganligi bilan izohlagan edi.

Bugun frantsiyalik futbolchi tibbiyot xodimlaridan biri ishlov berishga tayyorlanayotgan jarohati aks etgan suratni ulashdi. Mbappe suratga hech qanday izoh qoldirmagan.

Avvalroq Kilianning yuziga uchta chok qo'yilgani ma'lum bo'lgan edi. U Chempionlar ligasi doirasida «Bavariya»ga qarshi o'yinda maydonga tushishga tayyor.