Mbappe Messining mahorati haqida: «U to'qqizta imkoniyatdan to'qqizta gol urdi»

Madridning «Real» klubi hujumchisi Kilian Mbappe Lionel Messi va Neymar bilan birga o'ynagan davrlarini yodga oldi.
Frantsiyalik yulduz «PSJ» mashg'ulotlarining birida uchchala yulduz ishtirok etgan qiziqarli voqeani so'zlab berdi.
«Messi — o'zgacha, u hamma narsani mukammal bajaradi. Esimda, kunlarning birida mashg'ulotda darvozaga zarba berish ustida ishlayotgandik. Men va Neymarda hammasidan ham yaxshiroq chiqayotgandi — o'nta urinishdan olti yoki ettitasini golga aylantirgandik. Ammo keyin Messi keldi va to'qqizta imkoniyatdan to'qqizta gol urdi. O'shanda Neymar: "Ko'rdingmi? Messi to'qqiz marta ham bir xil zarba bilan gol urdi!" — degandi», — dedi Mbappe o'z intervyusida.
Hozirda Messi «Inter Mayami» sharafini himoya qilmoqda, Neymar esa o'zining qadrdon klubi — «Santos»da to'p surmoqda.