Mbappe: "JCh-2022 finalida Argentina haqli ravishda g'alaba qozongandi"

Madridning "Real" klubi va Frantsiya terma jamoasi hujumchisi Kilian Mbappe JCh-2022 finalini esladi.
Qatar mundialidagi hal qiluvchi bahsda frantsuzlar Argentinaga imkoniyatni boy berib qo'ygandi. Jamoalar 120 daqiqalik o'yindan so'ng g'olibni aniqlay olmadi - 3:3. Mbappe het-trik qayd etdi, biroq sovrin penaltilar seriyasida aniqroq harakat qilgan raqiblarga nasib etdi.
"Argentina JCh-2022 finalida g'alaba qozonishga haqli edi. Ular bizdan yaxshiroq o'ynashdi. Finalda urilgan gollar haqida emas, g'alaba haqida o'ylaysan. Bu aql bovar qilmaydigan o'yin edi, ammo Argentina haqli ravishda g'alaba qozondi. Qaysidir pallada yaxshiroq ko'rindik, ammo butun o'yinni hisobga olsak, natija adolatli bo'ldi. O'sha kunni unutish qiyin. Bunday holatni yana boshdan kechirishni istamasdim," - dedi Mbappe.
Bugun frantsuzlar JCh-2026 saralashida Islandiyaga qarshi maydonga tushadi.