Frantsiya terma jamoasi sardori Kilian Mbappe JCh-2026 1/8 finalida Paragvayga qarshi kechgan bahsdan keyin raqibning qattiq va tajovuzkor o'yini haqida fikr bildirdi.

Hujumchining ta'kidlashicha, Paragvay frantsuzlarga qarshi kuchga asoslangan va provokatsion uslubni qo'llashga uringan, ammo Dide Desham shogirdlari bunday stsenariyga tayyor bo'lgan.

«Bu — ularning o'yin uslubi. Har kim o'zida bor imkoniyatlar bilan o'ynaydi. Futbolda to'g'ri yoki noto'g'ri uslub degan tushuncha yo'q. Faqat bitta yo'l bor — g'alaba qozonish. Ular bizga shu tarzda bosim o'tkazishga harakat qilishdi, biz esa xuddi shunday javob qaytardik», — dedi Mbappe.

Frantsiya terma jamoasi sardori yana shunday qo'shimcha qildi:

«Ular bizni smokingda maydonga tushib, to'pni chiroyli o'ynatadi, deb o'ylashgandi. Ammo yo'q — biz ham qo'pol futbol o'ynay olamiz. Agar qo'limizni kir qilishga to'g'ri kelsa, buni ham qilamiz. Hatto shunday o'yinda ham biz yaxshiroq edik».

Eslatib o'tamiz, Frantsiya terma jamoasi Paragvayni 1:0 hisobida mag'lub etib, JCh-2026 chorak finaliga yo'l oldi. Endi frantsuzlar ushbu bosqichda Marokash milliy jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

Manba: Stadion.uz