Mbappe: "Biz 67 milliondan ortiq frantsuzlar uchun o'ynaymiz"

Madridning «Real» klubi va Frantsiya terma jamoasi markaziy hujumchisi Kilian Mbappe yozda bo'lib o'tadigan Jahon chempionatidan kutayotgan umidlari bilan o'rtoqlashdi.
«Biz Jahon chempionatida ishtirok etish nimani anglatishini bilamiz — bu juda qiyin. Biz ulkan hissiy bosimni his qilyapmiz. Butun mamlakatning umidi bizning elkamizda ekanligini tushunib turibmiz. Biz 67 milliondan ortiq frantsuzlar uchun maydonga tushamiz», — deya hujumchining so'zlarini keltiradi FOX Deportes.
Mbappe, shuningdek, Frantsiya terma jamoasi mundialga xotirjamlik bilan va chempionlik kubogini qo'lga kiritish niyatida yaqinlashayotganini qo'shimcha qildi.
JCh-2026 guruh bosqichida Dide Desham shogirdlari Norvegiya va Senegal terma jamoalariga qarshi bahs olib borishadi. Frantsuzlarning uchinchi raqibi Iroq va Boliviya o'rtasidagi o'tish o'yini natijasiga ko'ra aniqlanadi.