Matteus: «Desham qo'l ostida Mbappe Frantsiya terma jamoasining haqiqiy etakchisiga aylandi»

Germaniya terma jamoasi sobiq sardori Lotar Matteus Frantsiya bosh murabbiyi Dide Desham Kilian Mbappeni jamoaning haqiqiy etakchisi sifatida shakllanishiga katta hissa qo'shganini ta'kidladi.
«Frantsiya terma jamoasi superyulduzi Kilian Mbappe misolida murabbiy bir futbolchidan nimalarni yasay olishini ko'rish mumkin. Desham qo'l ostida Mbappe haqiqiy etakchiga aylandi. U jamoani ortidan ergashtiradi, maydonda ham, maydon tashqarisida ham unga boshchilik qiladi. Shuningdek, u himoyada ham yordam beradi va ajoyib intervyular beradi», — dedi Matteus Sky Sport nashridagi o'z ruknida.
Ekspertning so'zlariga ko'ra, hujumchi «Real»ga o'tganidan so'ng to'g'ri xulosalar chiqargan.
«Mbappe kattaroq va mulohazaliroq bo'lib qoldi. Balki u Madridda Parijdagidek «primadonna» bo'lib yura olmasligini anglab etgandir».
Matteus, shuningdek, Deshamning Frantsiya hujum chizig'idagi ishini, xususan, Mbappe, Usmon Dembele va Maykl Oliseni birlashtira olganini alohida qayd etdi.
«Mbappe, Dembele va Olise — bu mahorat masalasi emas, balki kommunikatsiya masalasi. Desham hammasini nazorat ostida ushlab turibdi va futbolchilarga o'z rollarini to'g'ri tushuntirmoqda».
Frantsiya jahon chempionati yarim finalida Ispaniya bilan kuch sinashadi.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar