«Marsel» Evropa ligasidan chetlatilishi mumkin

«Marsel» zarar miqdori me'yordan oshgani sababli evrokuboklardan chetlatilishi mumkin.
L’Equipe nashrining DNCG hisobotlariga tayanib xabar berishicha, klubning oxirgi uch mavsumdagi sof zarari qariyb 157 million evroni tashkil etgan, shundan 105 million evrosi 2024/25 yilgi mavsumga to'g'ri keladi. Ta'kidlash joizki, 2022 yilda «Marsel» UEFA bilan «tartibga solish bitimi»ni imzolagan edi. Unga ko'ra, klub moliyaviy feyr-pley standartlariga muvofiq ko'rsatkichlarni muvozanatga keltirishi shart edi (standartlarga ko'ra, uch mavsumda maksimal zarar 60 million evrodan oshmasligi kerak).
UEFA «Marsel» ishini seshanba kuni ko'rib chiqishi kutilmoqda. Klub moliyaviy ahvolning yomonlashuvini Frantsiyadagi teleradioeshittirish huquqlari bilan bog'liq inqiroz bilan izohlamoqda. Agar himoya tomonining vajlari UEFA ekspertlarini ishontirmasa, «Marsel»ga kelasi mavsumda Evropa ligasidan chetlatishgacha bo'lgan jiddiy sanktsiyalar qo'llanilishi mumkin.