"Marsel"da yangi murabbiy tayinlangani e'lon qilindi

«Marsel» jamoasining yangi bosh murabbiyi etib Xabib Beye tayinlandi. 48 yoshli mutaxassisning tayinlangani haqida «provansalliklar» matbuot xizmati e'lon qildi. Senegallik murabbiyning so'nggi ish joyi «Renn» klubi edi va u ushbu lavozimni shu oy boshida tark etgandi.
Xabib Beye futbolchilik faoliyati davomida 2003 yildan 2007 yilgacha «Marsel» sharafini himoya qilgan. U «oq-ko'klar» boshqaruvida o'tgan hafta iste'foga chiqqan Roberto De Dzerbining o'rnini egalladi.
Ayni damda «Marsel» 22 turdan so'ng 40 ochko bilan Liga 1 turnir jadvalida to'rtinchi o'rinni egallab turibdi. Jamoa shu juma kuniyoq chempionat doirasida «Brest»ga qarshi safar o'yinini o'tkazadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 00:45 da (shanbaga o'tar kechasi) boshlanishi rejalashtirilgan.