Marokash sudi 18 nafar senegallik futbol muxlisini qamoq jazosiga hukm qildi

Marokash sudi Afrika Millatlar Kubogi final uchrashuvi vaqtida tartibsizliklar keltirib chiqarganlikda ayblangan 18 nafar senegallik ishqibozga nisbatan chiqarilgan hukmni o'z kuchida qoldirdi.
Ishqibozlar 18 yanvar kuni qo'lga olingan edi. Ular huquq-tartibot idoralari xodimlariga nisbatan zo'ravonlik qilish, sport jihozlariga shikast etkazish va buyumlarni uloqtirishda ayblangan.
Sud jarayonining birinchi bosqichida to'qqiz nafar senegallik bir yilga qamalgan va 5 000 marokash dirhami (taxminan 460 evro) miqdorida jarimaga tortilgandi. Olti nafar muxlisga olti oyliq qamoq va 2 000 dirham (184 evro) jarima, yana uch kishi esa uch oylik qamoq va 1 000 dirham (92 evro) jarima jazosi qo'llanilgan. 13 aprel kuni ayblanuvchilarning sud qarori ustidan shikoyat sudi o'tkazildi, biroq hukm o'zgarishsiz qoldi.
18 mart kuni Afrika futbol konfederatsiyasi (CAF) final uchrashuvida senegalliklarga texnik mag'lubiyat yozdi va Marokash terma jamoasini turnir g'olibi deb e'lon qildi. O'yin natijasi (0:0, qo'shimcha vaqtlarda 1:0) Senegal futbolchilari maydonni 10 daqiqadan ko'proq vaqtga tark etgani sababli bekor qilingan.
Ikkinchi bo'limga qo'shib berilgan vaqtda, videotakrordan so'ng senegalliklarning goli bekor qilingan, so'ngra yana bir VAR tekshiruvidan keyin Senegal darvozasiga penalti belgilangan edi. Shundan so'ng jamoa bosh murabbiyi Papa Tiau norozilik belgisi sifatida futbolchilarni maydondan olib chiqib ketdi. 15 daqiqadan so'ng senegalliklar qaytishdi, darvozabon Eduar Mendi esa Braim Dias tomonidan 11 metrlik nuqtadan yo'llangan zarbani qaytardi. Qo'shimcha vaqtda senegallik Papa Gee gol urishga muvaffaq bo'lgandi. Senegal futbol federatsiyasi CAF qarori ustidan Sport hakamlik sudiga (CAS) shikoyat kiritgan.