Mareska "Yilning eng yaxshi murabbiyi" nominatsiyasiga kirganiga kamtarona munosabat bildirdi

Entso Mareska FIFAning "The best" mukofoti doirasida "Yilning eng yaxshi murabbiyi" nominatsiyasiga nomzodlar ro'yxatidan joy oldi. Juma kuni bo'lib o'tgan matbuot anjumanida "Chelsi" bosh murabbiyi ushbu nominatsiyaga loyiq ko'rilgani haqida fikr bildirdi.
"Men juda baxtliman, bu yoqimli lahza. Ammo bularning barchasi futbolchilar tufayli - axir oxir-oqibat aynan ular maydonga tushadi. Nomzodlar orasida bo'lish yoqimli, lekin hammasi futbolchilarga bog'liq. Aynan ular o'ynashadi", - dedi Mareska jurnalistlarga.
Eslatib o'tamiz, yozda "Chelsi" 32 jamoa bilan kengaytirilgan formatdagi ilk klublar o'rtasidagi jahon chempionatida g'olib chiqqan edi.