"Chelsi" bosh murabbiyi Entso Mareska jamoaning navbatdagi raqibini baholadi. Shanba kuni "aristokratlar" o'z maydonida "Liverpul"ga qarshi bahs olib boradi.

"Men ularni Angliyaning ayni paytdagi eng yaxshi jamoasi deb hisoblayman. Ular buni Premer-ligada g'alaba qozonib isbotlashdi. Hozir biz oldinga siljiyapmiz, muammolarni hal qilishga, echim topishga harakat qilyapmiz", - dedi Mareska matbuot anjumanida.

"Liverpul" 6 turda 15 ochko jamg'argan holda Premer-ligada peshqadamlik qilmoqda. "Chelsi" 8 ochko bilan 8-pog'onada bormoqda.

"Chelsi" va "Liverpul" o'rtasidagi o'yin 4 oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:30da boshlanadi.