Afsonaviy argentinalik futbolchi Diego Maradonaning 1986 yilgi Jahon chempionatida taqqan sardorlik bog'ichi 512 ming AQSh dollariga auktsionda sotildi. Savdoni Sotheby’s auktsion uyi tashkil etdi.

Tarixiy lot 1986 yilgi Jahon chempionatining chorakfinalida Argentina va Angliya terma jamoalari o'rtasida o'tkazilgan uchrashuv bilan bog'liq. O'sha bahsda Argentina 2:1 hisobida g'alaba qozongan.

Mazkur uchrashuvda Maradona ikkita gol urgan. Ulardan biri qo'l bilan kiritilgani uchun futbol tarixiga “Xudoning qo'li” (“Hand of God”) nomi bilan kirgan. Ushbu epizod Jahon chempionatlari tarixidagi eng mashhur voqealardan biri hisoblanadi.

Bundan tashqari, Maradona shu kuni “asr goli”ga mualliflik qilgan va Angliyaning butun tarkibini aldab o'tib, raqib darvozasini ishg'ol qilgan. Shuningdek, ushbu to'p ham auktsionga qo'yiladi. Mutaxassislar ushbu tarixiy eksponatning qiymatini 10 million AQSh dollariga baholamoqda.

Heritage Auctions auktsion uyi ma'lumotiga ko'ra, 1986 yilgi rasmiy Jahon chempionati to'pi maxsus fotoekspertiza orqali Maradonaning ikkala mashhur golida aynan shu to'p ishlatilgani tasdiqlangan. Auktsion oyning oxirida boshlanib, 21–23 avgust kunlari yakunlanadi.

Bu to'p avval ham auktsionga qo'yilgan edi. 2023 yil fevral oyida Goldin auktsionida unga 2,04 million dollar taklif qilingan, biroq sotuvchi belgilagan minimal narxga etilmagani sabab savdo amalga oshmagan.

Heritage Auctions bu safar ham minimal narxni oshkor qilmagan, biroq kompaniya to'pning 10 million dollarga yaqin narxda sotilishiga ishonmoqda.

Uchrashuvdan keyin to'p 1986 yilgi Argentina — Angliya bahsini boshqargan tunislik hakam Ali Bennasir qo'liga o'tgan. 2023 yildagi auktsion tavsifida Bennasirning maktubidan quyidagi iqtibos keltirilgan:

“Jahon chempionati uchrashuvini boshqargan bosh hakam o'yin tugagach to'pni o'zida saqlab qoladi va uning yagona egasiga aylanadi. Ushbu uchrashuv davomida zaxira to'pidan foydalanilmagan”.

Keyinchalik FIFA vakili The Guardian nashriga Jahon chempionati to'plari odatda jamoalar, hakamlar, mezbon shaharlar, FIFA hamkorlari va FIFA muzeyiga esdalik sifatida tarqatilishini ma'lum qilgan.

Avvalroq yana bir tarixiy lot — Pelening 1958 yilgi Jahon chempionati finalida kiygan libosi ham auktsionda qariyb 5 million AQSh dollariga sotilgandi.

Hozircha bu boradagi rekord 2022-yilda o'rnatilgan bo'lib, aynan Diego Maradonaning 1986 yilgi Jahon chempionatida Angliyaga qarshi o'yinda kiygan futbolkasi 9,28 million dollarga sotilgan edi.

Manba: Stadion.uz