“Manchester Yunayted” yarim himoyani kuchaytirish uchun 100 mln funt ajratdi

Angliyaning “Manchester Yunayted” klubi yozgi transferlar oynasi vaqtida yarim himoya chizig'ini tubdan kuchaytirishni maqsad qilgan. Buning uchun rahbariyat 100 million funt sterlingdan (taxminan 116 million evro) ortiq mablag' ajratishga tayyor.
Fichajes nashrining xabar berishicha, jamoa skautlari ayni paytda Angliya Premer Ligasining uch nafar futbolchisi — “Brayton” a'zosi Karlos Baleba, “Bornmut” futbolchisi Aleks Skott hamda “Vest Hem” vakili Mateush Fernandeshni faol kuzatib bormoqda. Klub rahbariyati ushbu o'yinchilarni yangi mavsum oldidan markaziy chiziqdagi bo'shliqlarni to'ldirish uchun asosiy nomzodlar sifatida ko'rmoqda. Biroq, “qizil iblislar” byudjetni to'g'ri taqsimlash maqsadida yuqoridagi uchlikdan faqat ikki nafarini o'z safiga qo'shib olishni rejalashtirgan.
Shuningdek, jamoa nafaqat yarim himoya, balki himoya chizig'ini ham kuchaytirishni maqsad qilgan. Avvalroq “mankunianliklar” rahbariyati “Nyukasl” a'zosi Lyuis Holl hamda “Fulhem” himoyachisi Entoni Robinsonni faol kuzatib borayotgani va ular bo'yicha rasmiy taklif tayyorlayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Eslatib o'tamiz, o'tgan mavsumda “Manchester Yunayted” Angliya Premer Ligasida 38 uchrashuv o'tkazib, 71 ochko jamg'argan holda turnir jadvalida uchinchi o'rinni egalladi. Chempionlik esa 85 ochko to'plagan Londonning “Arsenal” jamoasiga nasib etgandi.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar