Madridning «Real» klubi yarim himoyachisi Orelen Tchuameni «Manchester Yunayted»ning qiziqishlar doirasida qolmoqda. Yaqinda frantsiyalik futbolchi noxush voqea ishtirokchisiga aylandi: u jamoadoshi Federiko Valverde bilan mushtlashib qoldi va ushbu mojaro tafsilotlari ommaviy axborot vositalariga sizib chiqdi.

Ushbu voqeadan so'ng 26 yoshli xavbekning jamoani tark etishi haqida mish-mishlar tarqala boshladi, biroq bunday stsenariyning amalga oshish ehtimoli hali ham past. Insayder Fabritsio Romanoning ma'lumotiga ko'ra, «Manchester Yunayted» Tchuamenining o'yiniga qoyil qoladi va uni o'z pozitsiyasida dunyoning eng yaxshilaridan biri deb hisoblaydi. Lekin mankunianliklarning ushbu «orzudagi transferi» amalga oshishi amrimahol — «qaymoqranglilar» futbolchini qo'yib yuborish niyatida emas.

Transfermarkt portali Orelen Tchuamenining qiymatini 75 mln evroga baholamoqda, uning amaldagi shartnomasi 2028 yilgacha mo'ljallangan.