«Lans» klubi yarim himoyachisi Mamadu Sangare faoliyatini Angliya Premer-ligasida davom ettirishi mumkin. Bu haqda Foot Mercato nashri xabar bermoqda.

Manbaning ma'lum qilishicha, «Manchester Yunayted» klubi 24 yoshli malilik xavbekka jiddiy qiziqish bildirmoqda. Frantsuz klubi o'tgan yozda Sangareni Venaning «Rapid» jamoasidan 8 million evro evaziga sotib olgan edi va bu transfer o'zini to'liq oqladi.

Yakunlangan 2025/26 yilgi mavsumda Sangare «Lans» tarkibida barcha musobaqalarda 33 ta o'yinda maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi hamda jamoaning asosiy figuralaridan biriga aylandi. Iqtidorli futbolchi Frantsiya chempionatining eng yaxshi afrikalik futbolchisi deb topilib, Mark-Viven Foe nomidagi nufuzli mukofotga sazovor bo'ldi. U ushbu sovrin uchun kurashda Lamin Kamara va Mussa Niakateni ortda qoldirdi.

Hozirda Sangarening atrofidagi vaziyatni Evropaning 10 dan ortiq klublari kuzatib bormoqda, biroq eng faol qiziqish mankunianliklar tomonidan bo'lmoqda. Kazemiro jamoani tark etganidan so'ng, «MYu» rahbariyati Chempionlar ligasiga qaytish oldidan markaziy chiziqni jiddiy tarzda kuchaytirish niyatida. Klub rahbarlari futbolchining o'sishidan hayratda va tez orada uning transferi bo'yicha rasmiy taklif tayyorlamoqda.

Mamadu Sangarening «Lans» bilan shartnomasi 2030 yilga qadar mo'ljallangan bo'lsa-da, Frantsiya klubi o'z etakchisini jamoada olib qolish juda qiyin bo'lishini tushunib turibdi. Ayni damda rasmiy taklif kelib tushmagan, biroq futbolchining transfer bahosi 40 million evrodan oshishi kutilmoqda.

Ma'lumot uchun, Sangare yakunlangan mavsumda «Lans» klubi bilan birgalikda Frantsiya Kubogida zafar quchdi.