“Manchester Yunayted” etakchisiga Saudiya Arabistonidan taklif bor

“Manchester Yunayted” klubi sardori Brunu Fernandesh faoliyatini Saudiya Arabistoni chempionatida davom ettirishi mumkin. Bu haqda Ispaniyaning Mundo Deportivo nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko'ra, portugaliyalik yarim himoyachi Saudiya Arabistonining “Al-Ittihod” klubi bilan muzokaralar olib borgan. Hozircha tomonlar o'rtasida yakuniy kelishuvga erishilmagan, biroq Fernandesh yillik 40 million evro miqdorida maosh talab qilayotganini aytilmoqda. “Al-Ittihod” klubi hozircha bu talabga rasmiy javob qaytarmagan.
Avvalroq ham Fernandeshga Saudiya Arabistonidan takliflar bo'lgan. Xususan, mamlakatning kuchli klublaridan biri sanalgan “Al-Hilol” futbolchiga umumiy qiymati 230 million evro bo'lgan taklif yuborgan edi. Biroq futbolchi “Manchester Yunayted”da qolishni ma'qul topib, ularga rad javobini bergan edi.
“Manchester Yunayted” rahbariyati Fernandeshning transferiga qarshi chiqmoqda. Sababi, klub yozgi transfer oynasi davomida Benyamin Sheshko, Brayan Mbeumo, Mateus Kunya va Diego Leon kabi bir nechta yangi futbolchilarni xarid qilgan bo'lsa-da, jamoaning asosiy loyihasi aynan Brunu Fernandesh atrofida qurilgan. Shu bois rahbariyat uni saqlab qolishdan manfaatdor.
Portugaliyalik futbolchi 2025/26 yilgi mavsumda Angliya Premer Ligasi doirasidagi ikki uchrashuvda maydonga tushdi. Uning “Manchester Yunayted” bilan shartnomasi 2027 yil yozigacha amal qiladi.