«Manchester Siti» rahbari Mareskaning tayinlanishi haqida fikr bildirdi

«Manchester Siti» direktorlar kengashi raisi Haldun al-Muborak italiyalik murabbiy Entso Mareska bilan shartnoma imzolanganiga munosabat bildirdi.
46 yoshli mutaxassis ingliz klubida 2029 yilning yoziga qadar faoliyat yuritadi. Eslatib o'tamiz, u bundan avval Londonning «Chelsi» klubini boshqarayotgan edi.
«Entso doimo o'z murabbiylik faoliyatida yangi sinovlardan o'tish va muvaffaqiyatga erishish imkoniyatlarini izlab kelgan. U ishga o'ziga xos xarakter, ishtiyoq va zakovat olib kiradi, bu esa bizning talablarimizga to'liq mos keladi. Uning «Manchester Siti»ga qaytishi — ham uning o'zi, ham klub uchun keyingi mantiqiy qadamdir», — deya boshchining so'zlarini keltiradi «shaharliklar» matbuot xizmati.
«Manchester Siti» yakunlangan mavsumda Angliya Premer-ligasida g'olib chiqa olmadi. Jamoa chempionlikni «Arsenal»ga boy berib, ikkinchi o'rinni egalladi.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar