“Manchester Siti” klubining ismi sir tutilishini istagan vakili jamoaning oltin davri — 2022/2023 yilgi mavsumda qo'lga kiritilgan noyob medallar kollektsiyasini sotuvga qo'ydi. Daily Mail nashrining xabar berishicha, beshta turnirning oltin medallaridan iborat to'plam 28 aprel kuni bo'lib o'tadigan xayriya auktsioni doirasida kimoshdi savdosi orqali sotiladi.

Sport yodgorliklariga ixtisoslashgan auktsion uyi ushbu medallarning haqiqiyligini va ular rasmiy jamlanma ekanini tasdiqladi. Biroq ularni sotishga qaror qilgan shaxs o'z ismini sir saqlashni afzal ko'rgan.

Ma'lum qilinishicha, savdolarning boshlang'ich narxi 30 000 funt sterling etib belgilangan. Ekspertlarning taxminiga ko'ra, medallar jamlanmasining yakuniy narxi 50 000 dan 80 000 funt sterlinggacha (taxminan 62 000 – 100 000 dollar) etishi mumkin.

“Bu jamlanma kolleksionerlar, muxlislar va investorlar uchun “Manchester Siti”ning tarixiy mavsumiga daxldor medallarga egalik qilish uchun noyob imkoniyatdir. Biz ushbu savdoga mezbonlik qilishdan faxrlanamiz”, deyiladi xabarda.

Eslatib o'tamiz, 2022/2023 yilgi mavsumda “Manchester Siti” o'z tarixidagi eng yirik muvaffaqiyat — treblni rasmiylashtirgan edi. Jamoa bir mavsumda Angliya Premer-ligasi, Angliya Kubogi va UEFA Chempionlar Ligasida g'oliblikni qo'lga kiritgan.

Pep Gvardiola shogirdlari 2022/2023 yilgi mavsumda APLda “Arsenal”ni 5 ochkoga ortda qoldirib, chempionlikni tantana qilishgan. Shundan so'ng, Angliya Kubogi finalida azaliy raqib — “Manchester Yunayted” (2:1) mag'lub etilgan. “Shaharliklar” Istanbuldagi Chempionlar Ligasi finalida Rodrining goli evaziga “Inter” (1:0) ustidan g'alaba qozonib, klub tarixidagi ilk EChL sovriniga ega chiqqan edi. Keyinchalik jamoa UEFA Superkubogida “Sevilya”ni, klublar o'rtasidagi Jahon chempionatida esa “Fluminense”ni mag'lub etib, bir yillik sovrinlar sonini beshtaga etkazgan.

Manba: daryo.uz