«Bavariya» sport bo'limi rahbari Maks Eberl klubning «Nyukasl» vingeri Entoni Gordonga qiziqishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

25 yoshli angliyalik futbolchi Myunxen grandining asosiy transfer maqsadlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, Premer-liga grandlari ham ushbu o'yinchiga qiziqish bildirayotgani aytilmoqda.

«Yozda transfer bozoridagi ishimizni xotirjamlik bilan amalga oshiramiz. Iyul oyida safimizga kelib qo'shilishi mumkin bo'lgan futbolchilar haqida oldindan gapirish hurmatsizlik bo'lardi», — deya jurnalist Florian Plettenberg Eberlning so'zlarini keltiradi.

Transfermarkt portali Entoni Gordonning bozor qiymatini 60 million evroga baholagan. «Qarg'alar» yulduzining amaldagi shartnomasi 2030 yilgacha mo'ljallangan.