Makron Frantsiya terma jamoasi 3-bor jahon chempioni bo'lishiga umid qilmoqda

Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron JCh-2026 turnirida milliy terma jamoadan g'alaba kutayotganini ma'lum qildi.
Bugun Makron Elisey saroyida «PSJ» jamoasi bilan uchrashdi. Ushbu uchrashuv parijliklarning qatorasiga ikkinchi bor Chempionlar Ligasida g'olib chiqqani munosabati bilan tashkil etildi.
«Men terma jamoamizdan libosimizga uchinchi chempionlik yulduzini qo'shib qo'yishini kutyapman. Dunyoda bunchalik ko'p iqtidorlarga ega bo'lgan boshqa jamoa yo'q», — dedi Makron.
2026 yilgi Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulga qadar AQSh, Kanada va Meksikada bo'lib o'tadi. Frantsiya terma jamoasi o'z tarixida ikki marta — 1998 va 2018 yillarda chempionlikni qo'lga kiritgan.