Makron Dide Deshamga baho berdi

Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron terma jamoa bosh murabbiyi Dide Deshamning ishiga baho berdi.
Avvalroq mutaxassis AQSh, Kanada va Meksikada bo'lib o'tadigan 2026 yilgi jahon chempionati yakunlangach, o'z lavozimini tark etishi ma'lum bo'lgandi.
«Uning nigohiga duch kelishingiz bilan his qiladigan xarakter kuchi meni har doim hayratda qoldirgan. U orzularni g'alabalarga aylantirishni biladi va umidlardan ko'ra muvaffaqiyatni afzal ko'radi. Dide Desham — hech qachon taslim bo'lmaydigan frantsuzlar ruhining timsolidir.
Men bu yilgi jahon chempionatida terma jamoamizning muvaffaqiyatiga mutlaqo ishonaman. Barcha frantsuzlar kabi men ham Dideni, uning xotirjam kuchini, qiyinchiliklar oldida o'zini yo'qotmasligini, o'ziga xos shaxsiy fazilatlarini va xayriya ishlariga bag'ishlagan saxovatli fidoyiligini sog'inaman», — deya Makronning so'zlarini keltiradi RMC Sport Ouest-Francega tayanib.