Madrid meri va «Atletiko»ning ashaddiy muxlisi Xose Luis Martines-Almeyda «matraschilar»ning Chempionlar ligasidan chiqib ketgani haqida gapirdi.

Diego Simeone jamoasi yarim finalning javob uchrashuvida «Arsenal»ga imkoniyatni boy berdi (0:1, birinchi o'yin – 1:1).

«Qur'a natijalarini ko'rganimda, bizga raqib sifatida «Arsenal» tushdi deb o'ylagandim, lekin adashgan ekanman — bizga raqib bo'lib UEFA tushibdi. UEFA «Atletiko»ni Chempionlar ligasi finalida ko'rishni istamayotganini ochiq-oydin namoyish etdi.

Ispaniya va Germaniya Chempionlar ligasiga 5 ta jamoa chiqarish huquqi uchun kurashayotgan bir paytda, o'yinga germaniyalik hakamning tayinlanishini aqlga sig'dirib bo'lmaydi», — dedi Martines-Almeyda.

Eslatib o'tamiz, uchrashuvning bosh hakami germaniyalik Daniel Zibert edi. «Atletiko» vakillari o'yin davomida belgilanmagan penaltilar va hakamlik qarorlaridan norozi bo'lishgan.