Lukas Bergvall «Tottenhem»dan ketmoqchi

«Tottenhem»ning 20 yoshli yarim himoyachisi Lukas Bergvall klub rahbariyatiga yozgi transfer oynasi vaqtida boshqa jamoaga o'tish istagi borligini ma'lum qildi, deb xabar beradi Sky Sports.
Manbaning ma'lumotlariga ko'ra, futbolchi o'zini boshqa jamoada sinab ko'rmoqchi va asosiy tarkibda ko'proq maydonga tushishni xohlaydi. «Shporlar» yarim himoyani kuchaytirish uchun o'yinchilar izlayotgani bois, Bergvallning ketishi istisno qilinmayapti. Futbolchining «Tottenhem Xotspur» bilan mehnat shartnomasi 2031-yilning yozigacha mo'ljallangan.
Avvalroq «Chelsi» va «Aston Villa» yarim himoyachini o'z safiga qo'shib olmoqchi bo'lgan, biroq londonliklar transferni muhokama qilishdan bosh tortgan edi.
Bergvall 2024-yilda «Yurgorden»dan «Tottenhem»ga o'tgan. O'tgan mavsumda u ingliz jamoasi safida 33 ta o'yin o'tkazib, bir marta gol urgan va beshta golli uzatmani amalga oshirgan. Transfermarkt sayti ma'lumotlariga ko'ra, xavbekning hozirgi bozor qiymati 35 million evroni tashkil etadi.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar