Luis Enrike «PSJ» bilan 11-sovrinini qo'lga kiritdi

«PSJ» bosh murabbiyi Luis Enrike Parij klubi boshqaruvidagi o'zining 11-sovrinini qo'lga kiritdi.
Ispaniyalik mutaxassis 2023 yilning yozida tayinlanganidan beri parijliklar bugun ketma-ket uchinchi bor Frantsiya chempioniga aylanishdi.
Uch yil ichida Enrike «PSJ» bilan uch marta mamlakat chempionligi va Superkubogini, ikki marta Frantsiya Kubogini, shuningdek, bir martadan Chempionlar Ligasi, Evropa Superkubogi va Qit'alararo kubokni yutdi. Bundan tashqari, jamoa klublar o'rtasidagi jahon chempionatida ikkinchi o'rinni egalladi.
«Barselona»dagi faoliyatini ham hisobga olsak, Enrikening murabbiylik karerasidagi sovrinlari soni 20 taga etdi. Kataloniyaliklar bilan u uch bor Ispaniya Kubogini, ikki marta La Ligani, shuningdek, bir martadan Ispaniya Superkubogi, Chempionlar Ligasi, UEFA Superkubogi va klublar o'rtasidagi JChda zafar quchgan.
Luis Enrike «Roma», «Selta» va Ispaniya terma jamoasidagi faoliyati davomida sovrin yuta olmagan.